Aziza Sodiqova bilan uchrashuv
- 11/28/2025
- Posted by: Nurbek Sobirov
- Category: Yangilik
Kompozitor Aziza Sodiqova bilan uchrashuv — “Ijod maskani” loyihasi doirasidagi unutilmas ijodiy kecha
28-noyabr kuni Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutida “Ijod maskani” loyihasi doirasida mashhur kompozitor, xalqaro tan olingan musiqachi Aziza Sodiqova bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir institut katta zalida o‘tkazilib, unda kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, ijodkor yoshlar va talabalar ishtirok etdi.
Ijodiy uchrashuvni Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Feruza Muxamedova va
art-soha bo‘yicha taniqli telejurnalist Raisa Ralduginalar olib bordilar.
Uchrashuv jarayonida kompozitor o‘zining ijodiy yo‘li, ilk musiqiy izlanishlari, xalqaro sahnadagi faoliyati hamda zamonaviy musiqiy tafakkur rivojidagi o‘rni haqida batafsil so‘zlab berdi. Aziza Sodiqova o‘zining ko‘plab kompozitsiyalari dunyoning turli davlatlarida ijro etilgani, shuningdek, u London Symphonic Orchestra, Berlin Philharmonic musiqachilari, Istanbul State Symphony Orchestra, Korea National Orchestra kabi nufuzli orkestrlar bilan hamkor ishlaganini ta’kidladi. Bu tajribalar unga musiqaga global nigoh, milliy ohangni zamonaviy orkestr talqinida boyitish imkonini berganini qayd etdi.
Tadbir davomida talabalar kompozitordan ijod, ilhom, musiqiy tafakkurni rivojlantirish, zamonaviy kompozitsiya metodlari, xalqaro musiqiy maydonga chiqish kabi mavzularda savollar berishdi. Ma’ruzachi esa har bir savolga hayotiy tajriba va chuqur musiqiy bilimga tayanib, atroflicha javob qaytardi.
“Ijod maskani” loyihasi doirasidagi bunday uchrashuvlar yosh ijodkorlar uchun katta maktab bo‘lib xizmat qilayotgani, ularning dunyoqarashi va ijodiy fikrlash doirasini kengaytirishi alohida ta’kidlandi. Tadbir jarayonida talabalarga kompozitorning yangi asarlaridan namunalar tinglatildi, musiqaning badiiy-badiiy ifoda imkoniyatlari haqida qiziqarli fikrlar bildirildi.
Uchrashuv yakunida Aziza Sodiqova institut rahbariyati va ishtirokchilarga samimiy iliq kutib olishlari, ijodkor yoshlar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdorlik bildirdi. Institut jamoasi esa kompozitorga esdalik sovg‘alari topshirib, kelgusida hamkorlikdagi ijodiy loyihalar davom etishiga umid bildirdi.
Mazkur uchrashuv talabalar uchun nafaqat bilim va tajriba, balki kelgusi ijodiy izlanishlar uchun yangi ilhom manbai bo‘ldi.









